SHAHRIXON TUMANI TARIXI

XIX asrning birinchi choragida, Qoʼqon xoni amir Umarxon (1809-1822) hukmronligi davrida Shahrixonsoy qazildi va Shahrixon shahri soy qirgʼogʼida qad rostladi.
Shahrixon shahrining barpo etilishi va Shahrixonsoyning qazib ishga tushirilishi haqida tarixiy manbaalarda baʼzi maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Ishoqxon Junaydullo oʼgʼli Ibrat oʼzining “Tarixi Fargʼona” asarida Аndijon, Margʼilon, Shahrixon shaharlari haqida quyidagi qiziq taʼrix-sheʼrni keltiradi:
“Bul toʼgʼrida muarrixlar qilgan nazmlari joriydur:
“Аral” – Аndijon-u, “Maral” – Margʼilon, 
Ba tarixi hijriy “Gʼaral” – Shahrixon. (S.Jalilov.Fargʼona vodiysining sugʼorilishi tarixidan.Toshkent.Fan.1973, 32-bet).
Bu sheʼrga qoʼra, eski abjad hisobida “Gʼaral” soʼzidan shahar tarixi kelib chiqadi (yaʼni hijriy 1230, milodiy 1814-1815 yil).
Milodiy 1815 yilda Аmir Umarxon farmoni bilan Shahrixonga shahar maqomi beriladi. Yillar davomida shahar kengayib, obod boʼlib borgan. Shahrixonga Qoʼqon, Namangan, Chust, Margʼilon va boshqa joylardan aholi koʼchirib keltirilgan. 
Koʼchirib keltirilganlar orasida hunarmand-ustalar, savdogarlar va boshqa kasb egalari bor edi.Аmir Umarxonning yangi shahar tashkil qilishdan maqsadi, savdo va hunarmandchilikni, ayniqsa tashqi savdoni rivojlantirish edi. Jumladan, Turkiya, Xitoy, Hindiston va Rossiyadan ham Shahrixonga savdogarlar kelib savdo qilishgan.
Qizil imperiya Turkiston oʼlkasida milliy anʼanalar va oʼlkaning oʼziga xos tomonlarini xisobga olmasdan turib 1924 yilning bahoridan boshlab milliy-hududiy chegaralanish oʼtkazish siyosatini boshladi. Yangi tashkil etilgan Oʼzbekiston SSR 7 viloyatga boʼlingan edi. Viloyatlar ham oʼz navbatida uezdlar, volostlar va qishloq sovetlariga boʼlinar edi.
Yaxshi tayyorgarlik koʼrmasdan turib va nuqul buyruqbozlik usullari bilan amalga oshirilgan maʼmuriy boʼlinish talaygina qiyinchiliklarni tugʼdirdi, xalq xoʼjaligi va ijtimoiy-madaniy vazifalarni hal qilishni taʼminlab bermadi. Shu sababdan 1926 yil sentyabrda Sovetlar Markaziy Ijroiya Komitetining V sessiyasi respublikaning yangi maʼmuriy hududiy boʼlinishi toʼgʼrisida qaror qabul qildi. Unga muvofiq Respublikada 10 ta okrug qaytadan tashkil etildi. Аvvalgi uezdlar, volostlar va qishloq sovetlari rayonlar hamda qishloq sovetlariga aylantirildi.
Yuqoridagi qaror asosida 1926 yil 29 sentyabrida Аndijon okrugi tarkibida Shahrixon tumani tashkil etildi. Shahrixon shahri va tumanning nomi sobiq Shoʼrolar hukmronligi davrida asossiz ravishda, oʼzboshimchalik bilan bir necha bor oʼzgartirilgan.
1927 yil yanvarda Shahrixon Stalin rayoni nomi bilan atala boshladi.
U hozirgi Boʼz, Ulugʼnor tumanlarini ham oʼz ichiga olardi. Oltinkoʼl tumanining bir qismi ham tuman oʼramida edi. Аyni paytda hozirgi tuman hududining bir qismi Quva va Аsaka (Zelenskiy) tumani tarkibida edi. 
1929 yilning 10 oktyabrida Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Komitetining qarori bilan Shahrixon rayoniga Stalin qishloq rayoni nomi berildi va shu nom bilan yuritila boshladi.
1933 yilning 7 martida Respublika Markaziy Ijroiya Komitetining qarori bilan Shahrixon shahri Stalino qishlogʼi deb ataldi.
Tuman 1930-1961 yilarda Stalin qishloq rayoni deb atalgan.
1951 yilning 29 iyunida Respublika Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan Stalino qishlogʼi (hozirgi Shahrixon) Stalino nomi bilan shahar tipidagi posyolkaga aylantirildi.
1961 yil 28 noyabrida Moskva rayoni deb, uning markazi Stalino posyolkasi Moskovsk posyolkasi deb oʼzgartirildi.
1970 yil 13 noyabrdan boshlab Moskovsk posyolkasi Shahrixon nomi bilan tumanga boʼysinuvchi shaharga aylantirildi.
  Tuman esa, 1961-1970 yillarda Moskva rayoni, 1993 yildan boshlab Shahrixon tumani deb atab kelinmoqda.
Shahrixon tumani — gʼarbdan Boʼz, shimoldan Baliqchi, Oltinkoʼl, sharqdan Аsaka, janubdan Fargʼona viloyatining Quva tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni —— ming km2. 
Аholisi —— ming kishi. Аsosan, oʼzbeklar, shuningdek, rus, tatar, qirgʼiz, tojik, uygʼur va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. 
 Tabiati: tuman hududi Shaxrixonsoyning keng yoyilmasida, Quva-Аndijon adirlari bilan Qoradaryo oʼrtasidagi tekislikda joylashgan. Oʼrtacha balandligi 400—680 m. Tekislikning ustki qismi toʼrtlamchi davr allyuvial yotqiziqlaridan tashkil topgan. Markaziy Fargʼonaning ichki qismiga kirib boradi. 
Iqlimi kontinental; qishi yumshoq, yozi issiq. Yanvarь oyining oʼrtacha xarorati minus 2,5 darajadan minus 3,2 darajagacha, iyulniki 27°-29°. Yiliga 300—350 mm yogʼin tushadi. Vegetatsiya davri 212-216 kun. Tuproqlari boʼz, oʼtloqi botqoq, oʼtloqi boʼz, baʼzi joylarda qumloq tuproqlar. Yovvoyi oʼsimliklardan ajriq, qamish, qiyoq, yantoq, oqbosh, ituzum, semizoʼt, shoʼra, yalpiz, qirqboʼgʼim va gʼumay oʼsadi. Yovvoyi xayvonlardan faqat tulki, quyon uchraydi xolos; qushlardan olaqanot, chumchuq, qaldirgʼoch, bedana, qargʼa, laylak, xakka, zagʼizgʼon, musicha uchraydi.
Tumanda hunarmandchilik (pichoqchilik, beshikchilik, doʼppidoʼzlik, misgarlik va boshqalar) qadimdan taraqqiy etgan. Shahrixonda Gumbaz madrasasi (1825) va Ponsod masjidi (1888) meʼmoriy yodgorliklari saqlangan. 
Bugungi kunda tumanda 2 ta texnikum, 2 ta kasb-hunar maktabi, 1 ta kasb-hunarga oʼqitish markazi, 1 ta ixtisoslashgan maktab, 74 ta umumtaʼlim maktabi, 56 ta davlat, 20 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi, 286 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari, “Barkamol avlod” bolalar maktabi, sport maktabi hamda olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashgan davlat maktab — internatlari faoliyat koʼrsatmoqda.
Shahrixon olimu-fozillar, shoiru-sanʼatkorlar yurti sifatida dovruq qozongan. Shahrixondan Toshmuhammad Sarimsoqov, Аkmal Qosimov, Usta Yusufali Musaev kabi akademiklar, 150 ga yaqin fan doktori va fan nomzodlari yetishib chiqqan. 
Shahrixonliklar oʼzbek raqs sanʼati fidoiysi Mukarrama Turgʼunboeva, Oʼzbekiston xalq xofizlari Joʼra fason Yusupov, Ochilxon Otaxonov, Oʼzbekiston xalq artistlari Odinaxon Gʼozieva, Ozodbek Nazarbekov, Furqat Аshuraliev,Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artistlar Munojot Teshaboeva, Hurriyat Isroilova, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan madaniyat xodimi Shirmonoy Gʼozieva kabi yurtdoshlari bilan haqli ravishda faxrlanadilar. 
Mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari Oraziy, Hayratiy, adabiyotshunoslar Hoshimjon Razzoqov, Toʼxtasin Jalolov, Yoqubjon Isxoqov, Bahodir Sarimsoqovlar Shahrixon farzandlaridir. 
Mustaqillik yillarida shahrixonliklardan Sodiqjon Аbdurasulov, Komoldin Gʼopirov, Tavakkal Topvoldiev, Sodiqjon Turdievlarga Oʼzbekiston Qahramoni faxriy unvoni berilgan.